Git nima? #0

Git nima? #0

Bepul, ochiq manbali (open source) va taqsimlangan (distributed) Talqinlarni Boshqarish Tizimi, TBT (Version Control System, VCS).

Taqsimlangan ya’ni har bir foydalanuvchi loyihaning o‘zidagi nusxasi bilan ishlaydi va bu boshqalardagi nusxaga ta’sir qilmaydi.

Qisqacha tarixi

Git 2005-yilda Linux operatsion tizimi asoschisi Linus Torvalds tomonidan yaratilgan. Linus Torvaldsning talablariga o‘sha paytdagi boshqa TBTlar javob bermagandan so‘ng o‘zi yangisini qurishni boshlaydi va shu bilan Gitga asos soladi. "Git" nomini ham loyihaga u bergan, ma’nosi Britaniya ko‘cha tilida "yoqimsiz odam” degani ekan.

Ba'zi foydalari

🔹️️️️️️ Talqinlarni boshqarish*(Version control)*

Git orqali siz fayllaringizdagi o‘zgarishlar tarixini saqlab, kuzatib borolasiz. Xato qilib qo‘yganingizda eski holatga qaytib olish uchun bu juda qo‘l keladi.

🔹️️️️️️ Hamkorlik*(Collaboration)*

Git loyiha ustida jamoadoshlaringiz bilan hamkorlikda ishlashni osonlashtiradi. Siz o‘zingizdagi loyiha nusxasini boshqalar bilan ulashishingiz mumkin va ular o‘zlaridagi loyiha nusxasida shunga ko‘ra o‘zgarishlar qilolishadi.

🔹️️️️️️ Zaxira nusxalari*(Backups)*

Git yordamida siz loyihaning zaxira nusxalarini saqlab borolasiz. Ba’zida ma’lumotlar tasodifan o‘chib ketsa yoki buzilsa zaxira nusxalar yordamida osongina qayta tiklab olasiz.

Markazlashtirilgan va Taqsimlangan TBTlar

Asosiy ikki turdagi TBTlar bor: markazlashtirilgan va taqsimlangan. Markazlashtirilgan TBTlar loyihaning barcha ma’lumotlarini yagona serverda saqlaydi. Bu holatda agar server ishlamay qolsa hech kim loyihaga qilgan o‘zgarishlarini saqlay olmaydi. Aksincha Git kabi taqsimlangan TBTlar esa ma’lumotlarni har bir foydalanuvchining kompyuterida saqlaydi.

Gitda loyiha (repository) yaratish

git init buyrug‘i yordamida siz git loyiha yaratasiz yoki mavjud loyihangizga gitni qo‘shasiz. Bu buyruq .git nomli yangi jild yaratadi, uni ichida git imkoniyatlaridan foydalanishingiz uchun keraklik fayllar va jildlar avtomatik yaratiladi.